Quruqlikdagi qo‘shinlar institutida sport ishlari ko‘rigi o‘tkazildi
2026-05-13 17:20:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi — harbiy xizmatchilarni jismonan chiniqtirish, ularning chidamliligi, tezkorligi va kuchini oshirish orqali yuklatilgan jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga doimo tayyor holatga keltirishdan iborat. Shu bilan birga, ommaviy jismoniy mashg‘ulotlarga keng jalb etish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va harbiy jamoalarda ijobiy ruhiy muhitni mustahkamlash ham muhim vazifalardan sanaladi.
Ana shunday sport ishlari ko‘rigi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qo‘shinlar institutida ham yuqori saviyada tashkil etildi. Ko‘rik davomida harbiy xizmatchilar belgilangan normativlar asosida turli jismoniy mashqlarni bajarib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarlik darajasini amalda namoyon etdilar. Mashqlar jarayonida Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari tomonidan ishtirokchilarning intizomi, bardoshi va kasbiy tayyorgarligi kuzatib borildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ko‘riklar nafaqat jismoniy ko‘rsatkichlarni baholash, balki harbiy xizmatchilarning ruhiy barqarorligi, irodaviy sifatlari hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sport ishlari ko‘riklari harbiy xizmatchilarning har tomonlama barkamol bo‘lib yetishishida, ularning jangovar tayyorgarligini mustahkamlashda hamda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti axborot xizmati





