Harbiy xizmatdagi yoshlar zamonaviy kasblarni egallamoqda
2026-05-13 14:50:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida harbiy qismlarda tizimli o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu jarayon yoshlarning bilim va malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Sharqiy harbiy okrug Andijon garnizonida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun Andijon shahridagi 6-son texnikumda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
Mazkur mashg‘ulotlar davomida yosh askarlar payvandchilik, elektr ustaligi, duradgorlik, mashinasozlik hamda IT yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lmoqda. Zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilayotgan darslar harbiy xizmatchilarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish bilan bir qatorda, ularning mustaqil fikrlash va innovatsion yondashuvlarini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.
Shuningdek, xorijiy tillarni puxta o‘rganish orqali askarlarning dunyoqarashi kengayib, ularning kelgusida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi, xalqaro miqyosdagi bilim va tajribalarni egallashi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.
Ahamiyatlisi, bunday tashabbuslar muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni mehnatsevarlik, intizom, mas’uliyat va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga ham katta hissa qo‘shmoqda. Harbiy xizmat davomida egallangan kasb-hunar va amaliy ko‘nikmalar esa ularning kelajakdagi hayotida mustahkam poydevor vazifasini o‘tashi shubhasiz.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






