Harbiy qism faoliyati yoshlar nigohida
2026-05-12 18:20:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda umumta’lim maktablari va ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida yoshlar harbiy qism faoliyati, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda jangovar tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, harbiy qism hududidagi zamonaviy o‘quv xonalari, trenajor otish mashg‘ulotlari zallari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan tayyorgarlik markazlari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayniqsa, harbiy qism tarix muzeyiga uyushtirilgan sayohat yoshlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Muzeyda saqlanayotgan tarixiy eksponatlar, harbiy qismning bosib o‘tgan sharafli yo‘li, jangovar faoliyati hamda Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilgan harbiy xizmatchilar haqida berilgan ma’lumotlar o‘quvchilarning milliy g‘urur va faxr tuyg‘ularini yanada oshirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida tashkil etilgan “Komandir va yoshlar” uchrashuvi samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Uchrashuv davomida mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, harbiy ta’lim tizimidagi yangilanishlar hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, harbiy mutaxassislar va mas’ul ofitserlardan atroflicha javoblar oldi. Ayniqsa, harbiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tartibi, harbiy xizmatning afzalliklari hamda harbiy kasbning sharafli jihatlari haqidagi fikrlar yoshlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan bir guruh o‘quvchilar harbiy qism komandiri tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






