Yoshlar harbiy-vatanparvarlik ruhida bellashdi
2026-05-12 16:50:00 / Yangiliklar

Musobaqada Toshkent shahrining tuman va shaharlaridagi umumta’lim maktablari hamda texnikumlarda tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalardan iborat 12 ta jamoa ishtirok etdi. 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchta yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bellashib, bilim, chaqqonlik, matonat va jismoniy tayyorgarlik borasidagi imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
“Harbiy-vatanparvarlik bloki”, “Saf qo‘shig‘i” hamda “Biz — bir jamoamiz!” kabi shartlarda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi bilimlari, jamoaviy hamjihatligi, intizomi va ijodiy salohiyati namoyon bo‘ldi.
“Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki” bahslari esa qiziqarli va murosasiz kechdi. Unda ishtirokchilar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish hamda harbiylashtirilgan estafeta shartlari bo‘yicha bellashdi. Harbiylashtirilgan estafeta davomida yoshlar “AK-74” avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, gazga qarshi niqobni tezkor kiyish hamda belgilangan masofaga yugurish kabi sinovlarni muvaffaqiyatli bajardi.
“Sport bloki”da esa yoshlar duatlon, 100 metr masofaga yugurish va turnikda tortilish bo‘yicha o‘z kuch va mahoratlarini namoyish etdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar yuqori tayyorgarlik, jismoniy chiniqqanlik va g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini ko‘rsatdi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etildi. Unda “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent shahar kengashi raisi harbiy-sport o‘yinlari ishtirokchilari bilan yaqindan muloqot qildi.
Uchrashuv davomida yoshlarga “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholini, ayniqsa yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sportning texnik va amaliy turlarini keng ommalashtirish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan texnik kasblarga o‘qitish borasida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, yoshlarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytarilib, ularga kelgusidagi faoliyati va kasb tanlovi yuzasidan zarur tavsiyalar bildirildi.
Do‘stona, shu bilan birga murosasiz ruhda kechgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, Chilonzor tumani yoshlaridan tashkil topgan “Burgutlar” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Endilikda ushbu jamoa “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika final bosqichida Toshkent shahri sha’nini himoya qiladi. Ikkinchi o‘rin Uchtepa tumanining “Vatanparvarlar” jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Mirzo Ulug‘bek tumanining “Lochinlar” jamoasiga nasib etdi.
Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









