Izboskanda “Millat fidoiylari” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi
2026-05-12 15:40:00 / Yangiliklar

Unda soʻzga chiqqanlar xalqimiz tarixida mardlik, jasorat va fidoyilik timsoliga aylangan qahramon harbiylarning hayot yoʻli hamda xizmat faoliyati bugungi yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi ekanini alohida ta’kidladi. Yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va sarhadlar daxlsizligini ta’minlash yoʻlida xizmat qilgan fidoyi insonlarning jasorati yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.
“Millat fidoiylari” kitob-albomida Vatan ravnaqi va yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilgan qahramonlarning hayot yoʻli, jasorati va el-yurt oldidagi xizmatlari keng yoritilgani tadbir ishtirokchilarida katta taassurot uygʻotdi. Ayniqsa, kitobdan oʻrin olgan tarixiy ma’lumotlar, arxiv suratlari hamda qahramonlar haqidagi hayotiy hikoyalar oʻquvchi-yoshlarning qiziqishini yanada oshirdi.
Tadbirning badiiy qismi ham yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qoʻshiqlar hamda faxriy qorovul jamoasining koʻrgazmali chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Harbiy xizmatchilarning saf harakatlari, yuksak intizomi va jipsligi yoshlar qalbida harbiy kasbga boʻlgan havas, faxr va hurmat tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Yakunda oʻquvchi-yoshlar tomonidan harbiy xizmatchilar va tashkilotchilarga qiziqarli savollar berilib, samimiy va ochiq muloqot tashkil etildi. Yoshlar bu kabi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ularni Vatanga sadoqat, jasorat, mardlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab, tashkilotchilarga oʻz minnatdorliklarini bildirdi.









