Denov tumanida “Hokim va askarlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-05-12 14:00:00 / Yangiliklar

Ochiq muloqot davomida tuman hokimi o‘zining mehnat faoliyati, rahbarlik tajribasi hamda bugungi kunda zimmasidagi mas’uliyatli vazifalar haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, harbiy qismlardagi zamonaviy shart-sharoitlar, xizmat davomida berilayotgan imtiyozlar, oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi yengilliklar hamda kasb-hunar o‘rganish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, har bir askar xizmat davomida kamida bitta kasb yoki hunarni puxta egallashi muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, askarlarning xizmat davomidagi dastlabki taassurotlari, taklif va istaklari tinglanib, ular tomonidan bildirilgan ijobiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Muloqot jarayonida Surxondaryo viloyatining boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari va milliy qadriyatlari haqida ham so‘z yuritildi. Harbiy xizmatchilarning viloyatdagi tarixiy qadamjolar, diqqatga sazovor maskanlar bilan yaqindan tanishishlari uchun sayohatlar tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, respublikamizning barcha viloyoyatlarian kelgan askarlarning Surxon milliy etnomadaniyati, baxshichilik va dostonchilik san’ati hamda ot minish an’analarini o‘rganishlariga yaqindan ko‘maklashilishi ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida askarlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi hamda xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishga tayyor ekanliklarini bildirdi.






