Harbiy qismda ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi
2026-05-12 10:30:00 / Yangiliklar

Talaba yoshlarning harbiy qismga tashrifi avvalo madaniyat markazida tashkil etilgan samimiy davra suhbati bilan boshlandi. Unda so‘zga chiqqan mas’ullar tomonidan mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tadbir davomida milliy armiyamiz salohiyati va harbiy sohadagi yutuqlarni aks ettiruvchi videoroliklar namoyish etilib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Davra suhbati jarayonida talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, harbiy ta’lim, xizmat o‘tash tartibi, harbiy sohadagi imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil javob oldi. Ochiq va samimiy muloqot yoshlarda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Shundan so‘ng mehmonlar uchun harbiy qism hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Unda yoshlarga harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar hamda o‘quv tayyorgarlik jarayonlari yaqindan tanishtirildi. Xususan, Adiblar bog‘i, “Yangi O‘zbekiston” muzeyi hamda harbiy tarix muzeyidagi ekspozitsiyalar talabalarda katta qiziqish uyg‘otib, ularda milliy tariximiz va buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Shuningdek, jangovar qurol-aslahalar va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi yoshlarning e’tibor markazida bo‘ldi. Harbiy mutaxassislar tomonidan qurol-yarog‘larning texnik imkoniyatlari, ulardan foydalanish tartibi hamda zamonaviy armiyaning jangovar salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati









