Yoshlar uchun harbiy qism eshiklari ochildi
2026-05-12 10:25:00 / Yangiliklar

Tadbirda Qarshi iqtisodiyot instituti talabalari hamda 20-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Mehmonlar dastlab harbiy qism hududida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, yotoqxonalar, o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladigan maydonlar hamda ma’naviy-ma’rifiy maskanlar bilan yaqindan tanishdi.
Saf maydonida tashkil etilgan o‘quv nuqtalarida yoshlarga zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Harbiy xizmatchilar tomonidan qurol-yarog‘lardan foydalanish tartibi, jangovar tayyorgarlik jarayonlari hamda harbiy xizmatning o‘ziga xos jihatlari amaliy tarzda namoyish etildi. Ayniqsa, harbiylarning qo‘l jangi elementlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirib, ularga yuqori kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, tadbir davomida yoshlar harbiy xizmatchilar bilan samimiy muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi. Okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida tashkil etilgan “Harbiylar va yoshlar uchrashuvi”da bugungi kunda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, harbiy ta’lim tizimidagi islohotlar, yurtimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar va harbiy xizmatchilar tomonidan batafsil javob oldi. Ayniqsa, harbiylik kasbining sharafi, mas’uliyati va fidoyilik talab etadigan jihatlari haqidagi fikr-mulohazalar tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati





