Armiya — nafaqat jasorat, balki bilim va kasb maktabi
2026-05-11 14:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili bugungi kunda harbiy qismlarda samarali tatbiq etilib, yoshlarning xizmat davomida bir vaqtning oʻzida kasb-hunar egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Ana shu ezgu tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xayraobod, Kakaydi hamda Termiz garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda oliy taʼlim muassasalari, kollej va texnikumlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Mazkur hamkorlik doirasida muddatli harbiy xizmatchilar uchun maxsus oʻquv kurslari tashkil etildi.
Bugungi kunda harbiy xizmatchilar harbiy qism hududlarida hamda yaqin atrofdagi oliygoh, kollej va texnikumlarda turli kasblarga oʻqitilmoqda. Shuningdek, ular uchun oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlariga tayyorlov boʻyicha bepul dars mashgʻulotlari ham yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa askarlarning xizmatdan soʻng munosib kasb egasi boʻlib jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Mazkur jarayonlarda axborot texnologiyalari, texnik mutaxassisliklar, til oʻrganish, tadbirkorlik va boshqa zamonaviy yoʻnalishlar boʻyicha amaliy bilimlar berilayotgani yoshlarning intellektual salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va kelajakka ishonch bilan qarash hissini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu kabi imkoniyatlar yoshlarning nafaqat harbiy sohada, balki fuqarolik hayotida ham munosib oʻrin egallashi, ish bilan taʼminlanishi va yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishiga xizmat qiladi. Zero, bilimli, kasbli va vatanparvar yoshlar — Yangi Oʻzbekiston kelajagining mustahkam poydevoridir.
III darajali serjant Akbar AXMEDOV,
Termiz garnizoni.








