Jasorat va ishonch sari muhim qadam
2026-05-11 14:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda harbiy qism komandiri, Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati hamda harbiy prokuratura vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida yoshlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar siyosati doirasida yaratilayotgan imkoniyatlar, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, shuningdek, Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Mutasaddilar o‘z so‘zlarida yoshlarni aniq maqsad bilan yashashga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, sport va ilm-fanga qiziqishni kuchaytirishga chaqirdi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida ma’naviy immunitetni mustahkamlash, yot g‘oyalarga qarshi qat’iy pozitsiyada bo‘lish hamda qonunlarga hurmat ruhida yashash muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, “Jasorat maktabi” harbiy-o‘quv yig‘inida probatsiya xizmati nazoratidagi yoshlar ham faol ishtirok etmoqda. Ular harbiy tartib-intizom asoslari, sport musobaqalari, saf tayyorgarligi hamda ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlarda qatnashib, jamoaviy muhit va sog‘lom turmush tarzining ahamiyatini chuqur anglab bormoqda. Bu kabi mashg‘ulotlar yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, mas’uliyat hissini shakllantirish va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ochiq muloqot davomida yoshlar tomonidan ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyoz va ko‘maklar olish, kasb-hunar o‘rganish hamda probatsiya nazorati bilan bog‘liq qator murojaat va takliflar bildirildi. Har bir murojaat mas’ullar tomonidan atroflicha o‘rganilib, ularni qonuniy va ijobiy hal etish yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Tadbir yakunida yoshlar bilan bu kabi ochiq va samimiy uchrashuvlarni muntazam tashkil etish, ularning muammolariga befarq bo‘lmaslik hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati







