“Amir Temur va temuriylar merosi” ellararo ilmiy seminar bo'lib o‘tdi
2026-05-09 19:10:00 / Yangiliklar

Ellararo ilmiy seminarni ochib bergan Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo ushbu voqeaning tarixiyligiga urgʻu berib, Amir Temur va temuriylar davri tarixi boʻyicha Oʻzbekiston va dunyoda ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlarni birlashtiradigan ilmiy maydon tugʻilayotgani bilan barchani qutladi. Doimiy ravishda uyushtirib boriladigan ushbu yigʻin Ikkinchi Uygʻonish davri – Temuriylar oltin chogʻining koʻlami va kishilik tamaddunidagi haqqoniy oʻrni va taʼsirini ilmiy asoslab berishda muhim oʻrin tutishiga diqqatni qaratdi.
Tadbir boshida “Amir Temur va temuriylar merosi” ellararo ilmiy seminari tuzugi muhokama qilindi. Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti boʻlim boshligʻi Sanjar Gʻulomov, Qozogʻiston Ryespublikasi Fan va oliy taʼlim vazirligi Fan qoʻmitasi Ch. Valixonov nomidagi Tarix va elshunoslik instituti direktorining oʻrinbosari Joʻmart Jenis, Pokistonning Panjob universiteti professori Ruxshona Iftixor va boshqalar ushbu huquqiy hujjat seminarning ilmiy va tashkiliy masalalarini toʻliq qamrab olganini eʼtirof etgan holda qoʻllab-quvvatladilar. “Amir Temur va temuriylar merosi” doimiy xalqaro ilmiy seminari tuzugi bir ovozdan tasdiqlandi.
Seminarning ilk mavzusi “Temuriylar davri arxeologiyasi”ga bagʻishlanib, FA Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Surʼat Kubayev Amir Temur va temuriylar davri arxeologiyasining hozirgi ahvoli, dolzarb muammolari va kelajagi yuzasidan chiqish qildi. Amir Temur va temuriylar davrini oʻrganishdagi ilmiy tadqiqotlarni maqsadli olib borish orqali oʻzbek davlatchiligining ushbu eng muhim bosqichining ijtimoiy-iqtisodiy holatining turli qirralarini toʻliq tasavvur qilish imkoni tugʻilishiga eʼtibor qaratdi. Temuriylar davrini tizimli oʻrganishda paleoekologiya, GIS-texnologiyalar va paleoepidemiologiyani ishga solish, ishlab chiqarish markazlarini izlash, temuriylar bosqichining toʻliq arxeologiya xaritasini yaratish zaruratiga urgʻu berldi.
Muhokamada Termiz davlat universiteti professori Shopoʻlat Shaydullayev temuriylar davri moddiy madaniyatini oʻrganida oldingi tarixiy zamonlar holatini bilsh kerakligi masalasini koʻtardi. Tarix instituti Qadimgi davr tarixi boʻlimi boshligʻi, tarix fanlari doktori Feruza Shomukaramova esa Amir Temur va temuriylar davri meʼmorchiligi oʻzidan oldingi va keyingi tarixiy bosqichlardan keskin farq qilishi, mazkur omil eng avvalo mahobatlilik bilan bogʻliqligi, bunda Amir Temur shaxsining koʻlami bosh omil boʻlgani boʻyicha mulohaza bildirdi.
Turkiyaning Egey universiteti professori Junayt Kanat temuriylar arxeologiyasi boʻyicha amalga oshirilishi kerak boʻlgan bir necha ilmiy vaziflar xususida fikr bildirdi. Jumladan, jang maydonlari oʻrnida arxeologik tadqiqotlar olib borish madaniyatning darajasini ham aniqlash imkonini berishi mumkinligini taʼkidladi. Egey universiteti arxeologiya boʻlimi Tarix instituti olimlari bilan birgalikda Amir Temur jang olib borgan hududlarda izlanishtlar olib borish uchun ilmiy loyihani amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Anqara Yildirim Boyazid universiteti dosenti Tuba Tombuloʻgʻlu Shohruxiya arxeologiyayodgorligida bajarilayotgan tadqiqotlardan bahs yuritdi.
Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi Muboriz Agʻalarli ham soʻz olib, ozarbayjonlik arxeolog olimlar bilan birgalikda tadqiqotlar olib borishni taklif etdi. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar merosining Ozarbayjonda ham yetarli namunalari borligiga urgʻu berar ekan, Alinja qalʼasida hamkorlikda arxeologik tadqiqotlar olib borilishiga ehtiyoj borligi va bu ishni hamkorlikda amalga oshirilishi muhim ekanligini taʼkidladi.
Samarqand arxeologiya instituti direktori Moʻminxon Saidov temuriylar davri arxeologiyasi murakkabligi, ushbu yoʻnalishda yechimini kutayotgan muammolar yetarliligi, biroq ilmiy tadqiqotlar toʻxtab qolmagani urgʻulab, institut ilmiy guruhlari tomonidan bir qator izlanishlar olib borilayotgani toʻgʻrisida axborot ham berdi.
Istanbul madaniyat universiteti professori Hayrunniso Alan esa temuriylar davri va merosini oʻrganishda sulola vakillarini qabrlari boʻyicha alohida ilmiy loyihani amalga oshirish ham dolzarb ekanligiga eʼtibor qaratdi. Bu esa temuriylar davri ijtimoiy hayotini yoritishda ilmiy yangiliklarni yuzaga kelishiga hissa qoʻshishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyi yetakchi ilmiy xodimi, professor Abdumajid Madraimov, Termiz davlat universiteti ilmiy boʻlim boshligʻi Odiljon Hamidov hamda boshqa mutaxassislar seminarda koʻtarilgan masalalar, ayniqsa temuriylar merosini oʻrganishdagi dolzarb muammolar haqida fikr bildirdilar.
“Amir Temur va temuriylar merosi” ellararo ilmiy seminarining ilk yigʻini juda qizgʻin, ilmiy munozaralarga boy tarzda oʻtgani, uning kelgusida yirik ilmiy tadqiqotlar, loyihalarni amalga oshirilishida oʻz oʻrni boʻlishi, shu bilan birga, dunyo temurshunoslarini yagona ilmiy maydonda birlashtirishga xizmat qila olishi mumkinligini koʻrsatdi.





