Gʻijduvonda yoshlar uchun harbiy-vatanparvarlik obyektlari ochildi
2026-05-11 11:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni Vatanga sadoqat va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda taʼlim muassasalarida zamonaviy harbiy-vatanparvarlik obyektlari tashkil etilib, yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, Gʻijduvon tumanidagi 2-son umumtaʼlim maktabida ham Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi tasarrufidagi qo‘shilma va harbiy qismlar tomonidan qisqa muddat ichida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilib, hudud obodonlashtirildi.
Maktabda saf maydoni, bolalar sport shaharchasi, workout maydonchasi, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik sinfi, “Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi” tematik xonalari, vatanparvarlik sinfi hamda maʼrifat markazi zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanib foydalanishga topshirildi.
Tadbir davomida ushbu maktabda tahsil olib, yurt ravnaqi yoʻlida fidokorona xizmat qilgan davlat va jamoat arbobi Qizbibi Husenovaning hayot yoʻli yoshlarga ibrat ekani alohida taʼkidlandi.
Qizbibi Husenova 1931–1941-yillarda mazkur maktabda tahsil olgan boʻlib, mehnat faoliyati davomida yurt taraqqiyoti yoʻlida samarali xizmat qilgan. Uning fidokorona mehnati davlat tomonidan yuksak mukofot va unvonlar bilan munosib taqdirlangan.
Taʼkidlanganidek, bu kabi amaliy ishlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yurt taqdiriga daxldorlik hissini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.








