“O‘zbek arsloni” filmi katta ekranga chiqdi
2026-05-10 14:40:00 / Yangiliklar

2026-yil 9-may — G‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan “O‘zbek arsloni” badiiy filmi keng jamoatchilikka namoyish etildi. Film urushning og‘ir sinovlarini boshdan kechirib, Belarus o‘rmonlarida partizanlik harakatida jasorat ko‘rsatgan o‘zbek o‘g‘loni Mamadali Topvoldiyev hayotiga bag‘ishlangan.
Mazkur kartina tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Filmning ilk namoyishi respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan kino ixlosmandlarini bir joyga jamladi. O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyining katta va yozgi zallari minglab tomoshabinlar bilan gavjum bo‘ldi.
Shuningdek, bir vaqtning o‘zida barcha viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham film namoyishlari tashkil etilib, o‘n minglab yurtdoshlarimiz ushbu tarixiy kartinani tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi. Taqdimot marosimi yuksak kayfiyat va bayramona ruhda o‘tdi.
Tadbirda Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, mudofaa vaziri o‘rinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev, film ijodkorlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, film qahramoni Mamadali Topvoldiyevning Rishtondan tashrif buyurgan yaqinlari va qarindoshlari ham tadbir mehmonlari safidan o‘rin oldi.
“O‘zbek arsloni” filmi xalqimizning mardlik, vatanparvarlik va jasorat kabi yuksak qadriyatlarini tarannum etuvchi, yosh avlodni milliy g‘urur va tarixiy xotiraga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim ekran asari sifatida e’tirof etilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.









