9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida ma’naviy-ma’rifiy ruhda bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.
2026-05-10 12:20:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida yurt ravnaqi, xalq tinchligi va mustaqillikni saqlash yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasi chuqur hurmat bilan yod etildi. Shundan so‘ng Okrug qo‘shinlari qo‘mondonining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Tabrikda Vatan himoyachilarining sharafli va mas’uliyatli xizmatlari, harbiylarning mardligi, jasorati hamda xalq va davlat oldidagi fidoyi burchi alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, “Xalq va armiya — bir tan-u bir jon” degan ezgu tamoyil bugun yurtimizda har qachongidan ham mustahkam qaror topmoqda. Zero, ona yurt sarhadlarini ishonchli qo‘riqlayotgan mard o‘g‘lonlarning matonati va sadoqati xalqimizning eng katta faxridir.
Bayram tadbiri davomida xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, harbiy intizom va jangovar tayyorgarlikda namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar navbatdagi harbiy unvonlar, faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Bu e’tirof ularga bildirilgan yuksak ishonch va sharaf ramzi sifatida barchaga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Shuningdek, harbiy orkestrning jarangdor kuy-qo‘shiqlari, hushovoz honandalar ijrosidagi Vatan, jasorat va sadoqatni tarannum etuvchi musiqiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha fayz va shukuh ulashdi. Dilbar kuylar va jo‘shqin qo‘shiqlar ishtirokchilar qalbida ona yurtga muhabbat, tinchlikka shukronalik va milliy g‘urur tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.








