“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ommaviy yugurish marvfoni o‘tkazildi
2026-05-10 11:35:00 / Yangiliklar

Marafonda kuch tuzilmalari xodimlari, oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlaridan iborat qariyb 2 ming nafar ishtirokchi qatnashdi. Ushbu sport tadbiri Vatan ozodligi va xalq tinchligi yo‘lida jon fido qilgan qahramonlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, ularning jasorati, mardligi va fidoyiligini yod etish maqsadida tashkil etildi.
Havoning noqulay kelganiga qaramasdan, ishtirokchilar yuksak kayfiyat va katta shijoat bilan bellashuvlarda ishtirok etib, 10 kilometr va 3 kilometr masofalarda o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, matonati hamda mustahkam irodasini namoyon etdilar.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni Ichki ishlar akademiyasi kursantlari qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, birinchi o‘rinni Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti kursantlari egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Kuch tuzilmalari o‘rtasidagi bellashuvlarda ham keskin raqobat kuzatildi. Ayollar o‘rtasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rin Mudofaa vazirligi jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni esa mos ravishda Milliy gvardiya hamda Prezident davlat xavfsizlik xizmati jamoalari egalladi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ham ishtirokchilar yuqori natijalarni qayd etdi. Umumjamoa hisobida uchinchi o‘rin Prezident davlat xavfsizlik xizmati jamoasiga, ikkinchi o‘rin Davlat xavfsizlik xizmati jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, birinchi o‘rinni Mudofaa vazirligi jamoasi qo‘lga kiritdi.
Mazkur marafon Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyatini yanada teran anglash, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish hamda yoshlarni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk etib tarbiyalashga qaratilgan muhim tadbirlardan biri sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








