Yunusobodda katta tennis majmuasi foydalanishga topshirildi
2026-05-09 15:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tennis federatsiyasi hamda Osiyo Tennis federatsiyasi vitse-prezidenti Iroda Toʻlaganova, mahalliy hokimlik vakillari, maktab oʻquvchilari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosim davomida soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtdilar. Shuningdek, tennis majmuasining bunyod etilishida harbiy qism shaxsiy tarkibining fidokorona mehnati va rahbariyatning tashabbuskorligi muhim oʻrin tutgani taʼkidlandi.
Xususan, harbiy qism tomonidan tennis majmuasi bilan birga “Turon qoploni” Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur nomidagi harbiy-vatanparvarlik sinflari, tikuvchilik toʻgaraklari xonasi, futbol maydoni kabi bir qator ijtimoiy loyihalar ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Tadbir davomida faxriy qorovul chiqishlari, harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar hamda harbiy xizmatchilar va oʻquvchi-yoshlar oʻrtasidagi sport musobaqalari bayramga yanada koʻtarinki ruh bagʻishladi.
Yakunda mehmonlar yangi sport majmuasi, yaratilgan shart-sharoitlar, toʻgaraklar faoliyati hamda hududdagi ekomuhit bilan yaqindan tanishib, yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelgusida xalqaro sport arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlarini tiladilar.
Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati







