Harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi
2026-05-09 12:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mudofaa vazirligining masʻul xodimlari, harbiy xizmatchilar va ularning farzandlari ishtirok etdi.
Unda so‘zga chiqqan mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev mamlakatimizda Qurolli Kuchlar tizimida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berib, barcha yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga kirishda ulkan zafarlar tiladi.
Mazkur chora-tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va ularning oila aʻzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Ushbu normativ hujjatlar asosida har yili harbiy xizmatchilarning farzandlariga 5 foizlik maxsus kvota doirasida tavsiyanomalar taqdim etiladi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur tavsiyanomalar jangovar-xizmat va ilmiy faoliyatda yuksak natijalarga erishgan, xizmat burchini sidqidildan bajarayotgan ofitserlar, serjantlar, oddiy askarlar va shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilarning farzandlariga beriladi. Nomzodlar komandirlarning bevosita tavsiyasi asosida tanlab olinadi. Shundan soʻng tavsiyanoma olgan harbiy xizmatchilarning farzandlari test sinovlari orqali oʻzaro raqobatlashib, eng yuqori ball toʻplaganlar oliy oʻquv yurtlariga qabul qilinadi.
Shuningdek, ushbu imtiyoz umumiy abituriyentlar uchun ajratilgan kvotalardan alohida tarzda belgilanadi. Bu esa harbiy xizmatchilarning oilalariga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yuksak eʻtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir isboti boʻlib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, harbiy xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan yoki xizmat jarayonida yarador boʻlib nogironlikka uchragan harbiy xizmatchilarning farzandlari tegishli vazirlik va idoralar tavsiyanomalari asosida belgilangan qabul kvotalaridan tashqari davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga tanlovsiz qabul qilinishi belgilangan.
Bu kabi imtiyoz va imkoniyatlar harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ruhiy holatini mustahkamlash, ularning oila a’zolariga gʻamxoʻrlik qilish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









