“Mergan kubogi” musobaqasi gʻoliblari aniqlandi
2026-05-09 08:50:00 / Yangiliklar

Yuksak mahorat, matonat va aniqlikni talab etuvchi mazkur nufuzli bellashuv mamlakatimizda harbiy-sport anʼanalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazining oʻq otish bazasida boʻlib oʻtgan musobaqada 70 nafardan ortiq erkak va ayol merganlar ishtirok etib, oʻzlarining tayyorgarligi va mahoratini namoyon etdi. Ishtirokchilar MV-9, PP-3, PM-3 hamda AK-3 yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro kuch sinashdi.
Musobaqa avvalida jamoalar oʻrtasida qurʼa tashlash marosimi oʻtkazilib, ishtirokchilarning chiqish navbati belgilandi. Ikki kun davom etgan qizgʻin bellashuvlarda har bir ishtirokchi gʻalaba uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Musobaqa nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki intizom, jasorat, iroda va haqiqiy merganlik mahoratining yorqin namoyishiga aylandi.
Bellashuvlar yakuniga koʻra, turli yoʻnalishlar boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlandi. Musobaqa davomida ayniqsa Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar vazirligi vakillari yuqori natijalar qayd etdi.
Umumjamoa hisobida:
🥉 3-oʻrin — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi;
🥈 2-oʻrin — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi;
🥇 1-oʻrin — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi.
Musobaqa gʻolib va sovrindorlari kubok, medal hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
“Mergan kubogi” nafaqat sport musobaqasi, balki harbiy xizmatchilarning kasbiy mahorati, ruhiy barqarorligi va vatan himoyasi yoʻlidagi fidoyiligini namoyon etuvchi muhim maydon sifatida yana bir bor oʻz ahamiyatini koʻrsatdi. Bunday bellashuvlar kelgusida ham milliy harbiy sport rivojiga munosib hissa qoʻshishi shubhasiz.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









