Ikkinchi jahon urushi faxriylariga Prezident sovgʻalari topshirildi
2026-05-08 14:40:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga muvofiq, joriy yilda ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga bir martalik pul mukofotlari hamda bayram sovgʻalari topshirilmoqda.
Xususan, bugun mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuhammedov boshchiligidagi bir guruh vazirlik masʼullari Mirzo Ulugʻbek tumanida istiqomat qiluvchi urush faxriysi Nina Sokolovaning xonadoniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida faxriyga Prezidentimizning bayram tabrigi va esdalik sovgʻalari topshirildi. Bolalik yillarida Leningrad qamali dahshatlarini boshdan kechirgan Nina Sokolova samimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun ekanini bildirib, davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Faxriy onaxon yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va bugungi dorilomon kunlarga shukronalik bildirib, kelajak avlodning baxtu kamoli, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yoʻlida ezgu tilaklarini bildirdi.
Tadbir davomida harbiy sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar faxriy onaxonga koʻtarinki kayfiyat ulashib, bayramona muhitni yanada fayzli etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









