Urush faxriysiga ehtirom
2026-05-07 15:05:00 / Yangiliklar

Bugun 101 yoshni qarshilagan Omon ota Boboyev yillar sinoviga bardosh bergan, hayotning og‘ir va murakkab yo‘llarini matonat bilan bosib o‘tgan insonlardan biridir. Vaqt uning jismini zaiflashtirgan bo‘lsa-da, qalbidagi shijoat, ruhidagi bardamlik va tafakkuridagi teranlik hanuz saqlanib qolgan. Faxriy bilan suhbatlashgan har bir inson uning hayotiy tajribasi, dono fikrlari va qat’iyatidan chuqur taassurot oladi. Zero, bugungi avlod faqat kinolarda ko‘rayotgan dahshatli urush manzaralarini Omon ota o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan, urushning og‘ir sinovlarini boshidan kechirgan insondir.
Bayram arafasida faxriy xonadoni mehmonlardan holi bo‘lmayapti. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nishon tumani Nuriston qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda Shahrisabz shahridagi “Jasorat sinfi” o‘quvchilari otaxon holidan xabar olish, uning duosini olish va suhbatidan ma’naviy ozuqa olish maqsadida xonadonida bo‘lishdi.
Samimiy va mazmunli kechgan uchrashuv davomida Omon ota yoshlarga tinchlikning qadriga yetish, bugungi osoyishta va farovon hayotning shukronasi bilan yashash inson uchun eng ulug‘ ne’mat ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, urushning dahshatli oqibatlari, xalq boshidan kechirgan mashaqqatli kunlar haqida so‘zlab, yosh avlodni Vatanga sadoqat, yurt tinchligini asrash va ona diyorga muhabbat ruhida yashashga da’vat etdi.
Uchrashuv davomida “Jasorat sinfi” o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, faxriydan hayotiy saboqlar va samimiy javoblar oldi. Otaxonning har bir so‘zi, bosib o‘tgan umr yo‘li va hayotiy tajribasi yoshlar uchun chinakam jasorat va matonat maktabi bo‘ldi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







