Harbiy qismda yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi
2026-05-07 12:05:00 / Yangiliklar

Unda Mudofaa vazirligi Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik va yoshlar bilan ishlash departamenti hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi mas’ullari ishtirok etib, muddatli harbiy xizmatchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida askarlar uchun yaratilayotgan yangi imtiyoz va imkoniyatlar, yoshlarning ta’lim olishi, kasb egallashi hamda kelgusida munosib mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda harbiy xizmat nafaqat yigitlarni jismonan chiniqtirish, balki ularni ma’naviy va intellektual jihatdan kamol toptirishda ham muhim o‘rin tutmoqda.
Qayd etilganidek, harbiy qismda xizmat qilayotgan yoshlar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish, test savollari ustida ishlash, turli kasb-hunarlarni o‘rganish hamda sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Muloqot jarayonida askarlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan batafsil javoblar oldilar. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning takliflarini tinglashda muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qo‘l jangi usullari, qurol-aslahalar bilan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Vatan himoyachilarining chaqqonligi, jangovar tayyorgarligi va mahorati yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirib, barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, mehmonlar harbiy qism hududida harbiy xizmatchilar farzandlari hamda mahalla yoshlari uchun tashkil etilgan sport to‘garaklari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur to‘garaklarda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi.
Kunning ikkinchi yarmida tadbir yanada samimiy ruhda davom etdi. Atrofga tun pardasi yoyilgan pallada gulxan atrofida tashkil etilgan suhbatlar davomida ijodkor askarlar tomonidan Vatanni, tinchlik va osoyishtalikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Dilbar taronalar va samimiy muloqotlar tadbir ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









