Qahramonlar xotirasi — qalblarda abadiy
2026-05-07 10:45:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan qator ma’naviy-ma’rifiy va xotira tadbirlari tashkil etildi. Ana shunday tadbirlardan biri 2000-yilda yurtimiz janubiy sarhadlarida sodir bo‘lgan terrorchilik harakatlariga qarshi kurash jarayonida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi Dilshod Asanov xotirasiga bag‘ishlandi.
Harbiy xizmatchilar marhumning xonadonida bo‘lib, uning oila a’zolari holidan xabar oldi. Tadbir davomida samimiy suhbatlar o‘tkazilib, Dilshod Asanovning hayoti, harbiy xizmatdagi namunali faoliyati, Vatanga bo‘lgan cheksiz sadoqati va ko‘rsatgan jasorati chuqur ehtirom bilan yodga olindi. Oila a’zolariga hurmat va e’tibor ko‘rsatilib, xalqimiz qahramon farzandlari xotirasi hech qachon unutilmasligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Andijon garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Andijon viloyat kengashi hamda viloyat harbiy prokuraturasi hamkorligida Paxtaobod tumanida istiqomat qilgan, 2000-yilda yurtimiz hududiga suqulib kirgan terrorchilarga qarshi janglarda halok bo‘lgan Doniyor Tojiboyev xotirasiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Mazkur xotira tadbiri marhum tahsil olgan umumta’lim maktabida o‘tkazilib, unda yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Tadbir davomida Doniyor Tojiboyevning hayot yo‘li, mardligi, matonati hamda Vatan oldidagi fidokorona xizmatlari haqida batafsil so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, uning jasorati va sadoqati bugungi yoshlar uchun chinakam jasorat maktabi, yurtga muhabbat va vatanparvarlikning yorqin namunasi hisoblanadi.
Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar marhumning oila a’zolari xonadonida bo‘lib, ularning holidan xabar oldi. Suhbatlar davomida oila a’zolariga mehr-e’tibor va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.








