Vatan fidoyilari xotirasi — e’zoz va e’tibor markazida
2026-05-06 17:30:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirlarda Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, Guliston harbiy prokuraturasi, Faxriylar kengashi a’zolari, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari hamda Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, shuningdek, o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar 2000–2001 yillarda yuz bergan Sariosiyo voqealari chog‘ida Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xonadonlarida bo‘lib, ularning yorqin xotirasi yodga olindi. Oila a’zolariga chuqur hurmat va e’tibor ko‘rsatildi.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida tug‘ilib voyaga yetgan katta serjant Elomon Otajonov hamda katta leytenant Hayrulla Bozorovlarning oila a’zolari holidan xabar olinib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan moddiy yordam mablag‘lari topshirildi. Uchrashuvlar davomida marhumlarning jasorati, harbiy burchga sodiqligi va yuksak vatanparvarlik fazilatlari alohida e’tirof etildi.
Suhbatlar chog‘ida so‘zga chiqqanlar tomonidan Vatan himoyasi yo‘lida jon fido qilganlarning xotirasi doimo e’zozda ekani, ularning oila a’zolariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlar bilan olib borilgan muloqotlarda tinchlikning qadriga yetish, yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani alohida qayd etildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati






