Yosh harbiylar uchun bilim va kasb egallashda yangi bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda
2026-05-06 15:00:00 / Yangiliklar

Xususan, muddatli harbiy xizmatchilarni xizmat o‘tash davrida kamida bitta kasbga o‘rgatish, ularning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun yana bir muhim imkoniyat — oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini bevosita xizmat o‘tash davrida topshirish tizimi joriy etildi. Bu borada tizimli yondashuv asosida o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilib, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Ushbu maqsadda malakali professor-o‘qituvchilar jalb etilgan holda bepul tayyorlov kurslari tashkil qilinib, harbiy xizmatchilar uchun qulay o‘quv muhiti yaratilgan. Dars jarayonlari zamonaviy metodlar asosida olib borilayotgani yoshlarning bilimni chuqur va puxta egallashiga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz umumqo‘shin dala poligonida joylashgan harbiy qismda xizmat o‘tayotgan yoshlar 5 ta fan bo‘yicha muntazam tayyorlov mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar davomida ularga test sinovlarida yuqori natijalarga erishish uchun zarur bilim va ko‘nikmalar berilmoqda.
Muxtasar aytganda, mazkur kurslar orqali harbiy xizmatchilar xizmatni o‘tash davrining o‘zidayoq oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu esa ularning kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati






