Vatan osmonida porlagan mangu yulduzlar
2026-05-05 16:50:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari hamda Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari hamkorligida tashkil etildi. Unda faxriylar, nuroniylar hamda Yangiyer shahar 7-sonli “Jasorat maktabi” o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida 2000 yillarda yuz bergan Sariosiyo voqealari chog‘ida Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan, Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida tug‘ilgan katta leytenant Salimov Alisherning oila a’zolari holidan xabar olinib, ularga ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan moddiy yordam mablag‘lari tantanali ravishda topshirildi.
Yakunida harbiy xizmatchilar tomonidan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, yig‘ilganlarda yurtga sadoqat, milliy g‘urur va faxr tuyg‘ulari yanada yuksaldi. Shuningdek, yoshlarga Vatanga muhabbat, tinchlikning qadriga yetish hamda ajdodlarimiz jasoratidan ibrat olish zarurligi haqida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati




