Xotira maskanida qahramon ajdodlar yodi ulugʻlandi
2026-05-05 15:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda Vatan ozodligi yoʻlida jon fido qilgan ajdodlar xotirasi yod etildi. Tadbir davomida yoshlar uchun vatanparvarlik ruhini mustahkamlovchi chiqishlar namoyish etildi. Muloqotda qayd etilganidek, Ikkinchi jahon urushi yillarida Fargʻona viloyati aholisi frontda ham, front ortida ham fidoyilik namunasini koʻrsatdi. Maʻlumotlarga koʻra, viloyatdan 150 mingdan ortiq inson frontga safarbar etilgan, ularning 54 mingdan ziyodi halok boʻlgan. Shu bilan birga, fargʻonaliklar orqa frontda ham muhim rol oʻynab, sanoat, tibbiyot va ijtimoiy sohalarda gʻalabaga xizmat qilgan.
Taʻkidlash joizki, tumanning “Istiqlol” mahallasida joylashgan mazkur yodgorlik 1983-yilda barpo etilgan. Soʻnggi yillarda keng jamoatchilik tashabbusi bilan hudud obodonlashtirildi. Ayniqsa, bu ishlarda shu qishloqda tugʻilib oʻsgan Boʻymirzaev Muhammadali otaning tashabbusi va fidoyiligi muhim omil boʻldi. Uning saʻy-harakatlari bilan davlat va jamoat tashkilotlari hamkorlikda hudud obod boʻldi.
Shuningdek, Sharqiy harbiy okrug tomonidan hududga harbiy texnika va qurollarning maketlarini oʻrnatish ishlari amalga oshirilayotgani esa maskanning maʻnaviy-maʻrifiy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Natijada bu joy nafaqat xotira maskani, balki yoshlar uchun tarbiyaviy va tarixiy ahamiyatga ega ochiq maydonga aylanmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









