“Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida vatanparvarlik tadbirlari tashkil etildi
2026-05-05 11:20:00 / Yangiliklar

Unda “Ajdodlar izidan” jamiyati vakillari, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, tegishli tashkilotlar mutasaddilari, o‘quvchi-yoshlar hamda marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirlar 2000–2001 yillarda yuz bergan Sariosiyo voqealari davomida Vatan himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar — serjant Muhiddin Eshtemirov, katta leytenant Chori Rajabov hamda serjant Mashrab Jo‘rayev tahsil olgan umumta’lim maktablarida tashkil etildi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari marhumlar xotirasini yod etish maqsadida maktab hududlarida o‘rnatilgan byust haykallari poyiga gulchambarlar qo‘yib, ularga hurmat bajo keltirdi.
Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi tizimida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hayoti, jasorati va fidoyiligini aks ettiruvchi “Millat fidoyilari” nomli kitob-albom keng jamoatchilikka taqdim etildi. Mazkur nashr marhumlar tahsil olgan maktablar kutubxonalariga tantanali ravishda topshirildi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan qahramonlarning jasorati hech qachon unutilmasligi, ularning yorqin xotirasi har bir yurtdosh qalbida abadiy yashashi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, “Millat fidoyilari” kitob-albomi yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mardlik, jasorat va fidoyilik fazilatlarini shakllantirishda muhim manba ekani qayd etildi.
Badiiy qismda Termiz garnizoni harbiy orkestri tomonidan Vatanga sadoqat, jasorat va matonatni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi, Faxriy qorovul jamoasining saf chiqishlari namoyish qilindi. Marhum harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirilib, ularning farzandlari ko‘rsatgan jasorat va fidoyilik bugungi yoshlar uchun ibrat maktabi ekani e’tirof etildi.
Yakunda “Millat fidoyilari” kitob-albomi umumta’lim maktablari kutubxonalariga topshirildi.









