“Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi
2026-05-04 18:25:00 / Yangiliklar

Martosimda so‘zga chiqqan mas’ullar mazkur tashabbusning bugungi kundagi dolzarbligiga alohida to‘xtalib, zamonaviy sharoitda har bir harbiy xizmatchining nafaqat jangovar tayyorgarligi, balki muayyan kasb-hunar egasi bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Qayd etilishicha, ushbu tizim yoshlarning xizmatdan keyingi hayotga puxta tayyorgarlik bilan kirib borishlari, jamiyatda munosib o‘rin egallashlari hamda barqaror bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
“Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida tashkil etilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari askarlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish va mustaqil hayotga tayyorlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir. Ayniqsa, harbiy xizmatni o‘tash jarayonida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlar orasida ta’limga bo‘lgan intilish va mas’uliyat hissini yanada kuchaytirmoqda.
Yakunda mashg‘ulotlarga rasman start berilib, muddatli harbiy xizmatchilar o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha kasb o‘rganish hamda test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun harbiy qism hududida tashkil etilgan maxsus o‘quv maskanlariga yo‘l oldi.
O‘quv jarayonlariga Buxoro shahridagi 1- va 2-son kasb-hunar texnikumlari, shuningdek, Turizm va madaniy meros texnikumining malakali pedagoglari jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan askarlarga xorijiy tillarni o‘rganish, axborot texnologiyalari, menejment, chilangarlik, mexanik va santexnika kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy va nazariy saboqlar berilmoqda. Mazkur mashg‘ulotlar zamonaviy o‘qitish metodlari asosida tashkil etilib, har bir ishtirokchining qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib individual yondashuvni ta’minlamoqda.









