Harbiy qismdagi uchrashuv yoshlar uchun ilhom va ibrat manbaiga aylandi
2026-05-04 16:15:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi samimiy va ochiq muloqot ruhida kechib, o‘sib kelayotgan avlod uchun chinakam vatanparvarlik darsiga aylandi. Uchrashuv davomida o‘quvchilar harbiy xizmatning o‘ziga xos jihatlari, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Shuningdek, harbiy qism hududidagi kutubxona, muzey hamda sport majmuasiga uyushtirilgan ekskursiyalar yoshlar qalbida katta taassurot qoldirdi. Mazkur maskanlar orqali ularga harbiy hayotning ma’naviy va jismoniy tayyorgarlik bilan chambarchas bog‘liqligi keng tushuntirildi.
Tadbirning eng qiziqarli va hayajonli qismi qurol-aslaha hamda zamonaviy harbiy texnikalar ko‘rgazmasi bo‘ldi. O‘quvchilar ushbu texnikalarning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, harbiy kasbning naqadar sharafli va mas’uliyatli ekanini yanada chuqur his etishdi.
Bunday tadbirlar yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, ularning milliy armiyamiz safida xizmat qilishga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati





