Serjantlar tayyorlash oliy maktabida navbatdagi bitiruv tantanasi o‘tkazildi
2026-05-04 11:05:00 / Yangiliklar

Unda oliy maktab rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, faxriy mehmonlar, bitiruvchi kursantlar hamda ularning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.
Marosim davomida so‘zga chiqqanlar Vatan himoyasiga bel bog‘lagan serjantlarning mas’uliyati yuksak ekanini alohida ta’kidlab, ularning bilim va ko‘nikmalari zamonaviy harbiy talablarga to‘la javob berishini qayd etdi. Shuningdek, bitiruvchilarga kelgusi xizmat faoliyatlarida matonat, jasorat va sadoqat bilan xizmat qilish tilaklari bildirildi.
Tadbir davomida mamlakatimizda harbiy sohani tubdan isloh qilish, xususan, serjant kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yaratilgan zamonaviy o‘quv-uslubiy baza va ilg‘or yondashuvlar natijasida bitiruvchilar Qurolli Kuchlar safida munosib o‘rin egallab, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan ado etib kelmoqda.
Marosimning eng hayajonli lahzalaridan biri — bitiruvchilarga sertifikatlar topshirish jarayoni bo‘ldi. Malaka oshirish kursini a’lo natijalar bilan tamomlagan kursantlarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Namunali intizomi, yuksak mas’uliyati va faol ishtiroki bilan ajralib turgan harbiy xizmatchilar esa oliy maktab boshlig‘ining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Yakunda bitiruvchilar tomonidan Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod yangradi. Ushbu tantana nafaqat bir bosqich yakuni, balki yangi mas’uliyatli xizmat yo‘lining boshlanishi sifatida barchaga unutilmas taassurot qoldirdi.






