Qahramonlar nomi abadiy yashaydi
2026-05-04 10:50:00 / Yangiliklar

Yo‘qlov davomida mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari hamda jamoatchilik vakillari Ashurovlar oilasi bilan uchrashdi. Samimiy va dildan kechgan suhbat avvalida marhumning ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirilib, ularning og‘ir yo‘qotish dardiga sherik ekanliklari izhor etildi.
Shundan so‘ng, Shermuxammat Ashurovning hayot yo‘li, uning xizmat faoliyati, Vatan oldidagi fidoyiligi, ko‘rsatgan jasorati va mardligi alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, u o‘z burchiga sodiq, yurt manfaatini har narsadan ustun qo‘ygan chinakam vatanparvar inson edi. Uning hayoti va jasorati bugungi yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuvning keyingi qismida oila a’zolarining bugungi turmush sharoiti, ijtimoiy ehtiyojlari hamda farzandlarining ta’lim-tarbiyasi masalalari batafsil muhokama qilindi. Har bir masala alohida e’tibor bilan tinglanib, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Mutasaddilar tomonidan oila a’zolariga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari bundan buyon ham izchil davom ettirilishi qat’iy ta’kidlandi.
Suhbat yakunida marhumning yaqinlari ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Shermuxammat Ashurov hayoti davomida doimo yurt sha’ni va manfaatini ustuvor bilganini, fidoyi va jasur inson sifatida el-yurt xotirasida qolishini alohida qayd etdi.
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi matbuot xizmati






