Harbiy xizmatchilar bilan ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlar tashkil etildi
2026-05-02 14:50:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulotlarda davlat va din munosabatlari, internet va axborot makonida tarqalayotgan yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, sintetik va an’anaviy narkotik vositalarning zararli ta’siri, shuningdek, harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligi va shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirlarning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilarning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini yuksaltirish, ularni turli zararli illatlar va buzg‘unchi ta’sirlardan asrash, huquqiy bilimlarini mustahkamlash hamda Vatanga sadoqat ruhini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlarda Surxondaryo viloyati ichki ishlar va tibbiyot tizimi mutaxassislari, Termiz harbiy prokuraturasi xodimlari, Termiz davlat universiteti o‘qituvchilari hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari ishtirok etib, dolzarb mavzular yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.
Shuningdek, harbiy jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, yosh harbiy xizmatchilarni turli salbiy ta’sirlardan himoya qilish hamda ularning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash masalalari alohida ta’kidlandi. Tadbir yakunida savol-javoblar o‘tkazilib, ishtirokchilarning bilimlari mustahkamlandi.
Ana shunday tadbirlardan biri Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi boshqaruv apparatida ham alohida dasturga asosan “Harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligi va shaxsiy maʻsuliyatini oshirish – mustahkam harbiy intizom kafolati” mavzusida mashgʻulot tashkil etildi.
Ushbu mashgʻulotni yanada mazmunli va sifatli oʻtkazish uchun Toshkent harbiy prokuraturasi va hamkorlikdagi huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari ishtiroki etdi.
Videokonferens aloqasi tarzida tashkil etilgan mashgʻulotda qonunchilikdagi oʻzgarishlar va qoʻshimchalar, jamiyatimizda uchrab turgan salbiy holatlar, harbiy xizmatchi degan imijga putir yetkazmaslik toʻgrisida hayotiy misollar bilan maʻruzalar qilindi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida kechgan mashgʻulotda harbiy xizmatchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan batafsil javob olishdi.









