“Bir askar – bir kasb”: yoshlar kelajagi uchun muhim qadam
2026-05-02 14:15:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan islohotlar harbiy xizmat nufuzini oshirish bilan birga, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, “Bir askar – bir kasb” tamoyili asosida muddatli harbiy xizmatchilarni kasbga oʻqitish va oliy taʼlimga tayyorlash ishlari yoʻlga qoʻyildi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismda askarlar turli yoʻnalishlarda — texnik xizmat, IT, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda 3 oydan 6 oygacha boʻlgan qisqa muddatli kurslarda tahsil olish bilan bilan birga chet tillarini oʻrganishga kirishdi.
Shuningdek, yoshlarning kasb oʻrganish bilan cheklanib qolmasdan, harbiy xizmatchilarning oliy taʼlim olish istagi ham qoʻllab-quvvatlanib, malakali oʻqituvchilar tomonidan asosiy fanlardan qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil etilgan.
Mazkur tashabbus armiyaning nafaqat harbiy tayyorgarlik maskani, balki haqiqiy hayot maktabi ekanini yana bir bor namoyon etmoqda. Harbiy xizmat davomida yoshlar intizom, jasorat va vatanparvarlik fazilatlari bilan birga, kelajak kasbi va taʼlimi uchun muhim poydevor ham yaratadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









