“Burch, jasorat, matonat” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi
2026-05-02 11:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, faxriylar, muddatli harbiy xizmatchilar hamda “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida Ikkinchi jahon urushi davrida konslager tutqunida bo‘lgan Rustem Menaliev hamda Leningrad qamali guvohi Valeriya Sapriko o‘z hayotiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Ular o‘z chiqishlarida o‘zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan beqiyos hissasi, urush yillaridagi jasorat va matonat namunalari haqida so‘z yuritib, yoshlarni ajdodlar merosidan ibrat olishga, Vatanga sadoqat ruhida yashashga da’vat etdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi va kinorejissyor Hilol Nasimov ham ishtirok etib, urush yillariga bag‘ishlab yaratilgan badiiy va hujjatli filmlar, ularning mazmun-mohiyati hamda yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi. U o‘z nutqida mazkur asarlar orqali jasorat, matonat va fidoyilik kabi insoniy fazilatlar keng targ‘ib etilayotganini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida “Impuls” harbiy ansambli tomonidan ijro etilgan tinchlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, tadbir doirasida harbiy xizmatchilar va o‘quvchi-yoshlar muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishib, tarixiy merosimiz haqida o‘z bilimlarini boyitdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





