“Bitta askar – bitta kasb”: muddatli harbiy xizmatchilar uchun o‘quv kurslari boshlandi
2026-05-02 09:30:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar zamonaviy kasblar asoslarini o‘rganish, kompyuter savodxonligini oshirish, shuningdek, xorijiy tillar bo‘yicha boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Darslar tajribali o‘qituvchilar tomonidan interaktiv usullarda olib boriladi. Bu esa yoshlarning harbiy xizmat davomida muayyan kasb-hunar egallashi, kelgusida hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Shu ma’noda harbiy xizmat nafaqat Vatan himoyasi, balki hayot maktabi vazifasini ham bajaradi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etilgandi.
Mazkur o‘quv kurslar ham Oliy Bosh Qo‘mondon tomonidan ilgari surilgan “Muddatli harbiy xizmatni o‘tash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘li”ga aylanishi kerak degan g‘oyaning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









