Ajdodlar merosi va ibrat saboqlari yangi asarlarda aks etdi
2026-05-01 20:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda mudofaa vaziri o‘rinbosari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, yozuvchi va shoirlar, universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, kursantlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Taqdimot davomida mazkur asarlarning mazmun-mohiyati, ularning yoshlar, ayniqsa boʻlajak ofitserlarning maʻnaviy-axloqiy kamolotidagi oʻrni alohida taʻkidlab oʻtildi.
“Buyuklar haqida 100 dalil” kitobida tarixda muhim oʻrin tutgan buyuk shaxslar hayoti va faoliyatiga oid qiziqarli maʻlumotlar jamlangan boʻlsa, “Temurbek” tarixiy qissasi orqali Sohibqiron Amir Temurning yoshlik davri, shakllanish bosqichlari hamda sarkardalik fazilatlari badiiy yoritilgan.
Xususan, tshbu to‘plamda dunyo tamadduniga munosib hissa qo'shgan ajdodlarimiz haqida eng muhim ma’lumotlar jamlangan. To‘plamdagi tasvirlar sun’iy intellekt yordamida yaratilib, tarixiy voqealar qiziqarli tarzda aks ettirilgan.
So‘zga chiqqanlar kitobning qulayligi, bugungi zamonaviy ko'rinishga xosligi, barcha uchun birdek mo'ljallanganligi haqida aytib o'tishdi va ushbu asarlar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuygʻusini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdilar.
Yakunda kitoblar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, kursantlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi hamda Mudofaa vazirligi va universitet jamoasiga kitoblar jamlanmasi tantanali ravishda topshirildi.









