Sharqiy harbiy okrugning qutlug‘ sanasi keng nishonlandi
2026-05-01 19:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, hududlardagi harbiy qismlar mutasaddilari zamonaviy videoaloqa tizimi orqali ishtirok etdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda tizimda uzoq yillar samarali xizmat qilgan tajribali mutaxassislar ham ushbu tantanali yig‘inda faol qatnashdi.
Tadbir davomida milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, zamonaviy texnika va qurollar bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, Sharqiy harbiy okrugning tashkil topishi, shakllanish bosqichlari, uning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.
So‘zga chiqqanlar mazkur harbiy okrug o‘zining boy va ibratli tarixiga, mustahkam jangovar an’analariga ega ekanini alohida ta’kidlashdi. Ular harbiy xizmatchilarning Vatanga sadoqat, yuksak intizom, fidoyilik va mas’uliyat kabi fazilatlari tufayli bugungi kunda harbiy okrug yuksak natijalarga erishib kelayotganini qayd etdi. Ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy xizmatga tayyorlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.
Tantanali tadbir davomida harbiy xizmatchilarning erishayotgan yutuqlari yana bir bor e’tirof etildi. Bayram munosabati bilan yo‘llangan tabriklar tantanali tarzda o‘qib eshittirilib, xizmat vazifalarini sidqidildan, fidoyilik bilan bajarayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar navbatdagi harbiy unvon hamda tizim vakillari faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







