Yangi oʻquv yili vatanparvarlik mashgʻulotlari bilan yanada mustahkamlanadi
2026-05-01 16:35:00 / Yangiliklar

Xususan, Qurolli Kuchlarimiz tizimida ham bu borada yangicha yondashuv va tashabbuslar jadallik bilan amalga oshirilib, samarali natijalarga erishilmoqda.
Bugun, 1-may kuni Mudofaa vazirligi markaziy apparatida qoʻshinlarimizda yangi 2026–2027-oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-ruhiy tayyorgarligini yanada mustahkamlash, ularning xizmatga boʻlgan sadoqati va masʼuliyatini oshirishga qaratilgan muhim voqea sifatida eʼtirof etildi.
Darvoqe, mudofaa vazirining tegishli qaroriga muvofiq, joriy yilda oʻquv dasturiga qator muhim oʻzgarishlar kiritildi. Xususan, oʻquv yilining dastlabki ikki haftasi vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy va maʼnaviy-maʼrifiy mashgʻulotlarga bagʻishlash rejalashtirilgani alohida ahamiyat kasb etadi. Bu esa harbiy xizmatchilar ongida Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat va milliy gʻurur tuygʻularini yanada chuqurroq qaror toptirishga xizmat qiladi.
Tantanali yigʻilish davomida yangi oʻquv yili munosabati bilan mudofaa vazirining qoʻshinlarga yoʻllagan murojaati oʻqib eshittirildi. Mazkur murojaatda harbiy xizmatchilar oldida turgan ustuvor vazifalar, yurt tinchligi va xavfsizligini taʼminlash borasidagi masʼuliyatli burchlar alohida taʼkidlandi.
Shundan soʻng tadbir soha mutaxassislari va ijodkorlarning maʼruzalari bilan qizgʻin davom etdi. Jumladan, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, siyosiy fanlar doktori, professor Sherzodxon Qudratxoʻja bugungi kunda kuchayib borayotgan mafkuraviy va axborot urushlari sharoitida vatan va millat tushunchasini asrab qolish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir tomonidan xalq va armiya birdamligini tarannum etuvchi sheʼrlar oʻqildi. Shu bilan birga, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi Bekmat Ochilov esa oʻz chiqishida bugungi kunda aynan maʼnaviyat va kuchli bilim yoshlar kelajagini belgilashda asosiy omil boʻlib xizmat qilishi, mamlakat qudrati va taraqqiyotining asosi ekanini hayotiy misollar orqali chuqur tahlil qildi.
Tadbir yakunida taʼkidlanganidek, bunday uchrashuvlar harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik tuygʻularini yanada kuchaytirish hamda yangi oʻquv yilini yuqori saviyada boshlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






