Toshkentda “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali o‘tkazildi
2026-05-01 16:20:00 / Yangiliklar

Festival O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etildi. Unda ta’lim, fan va innovatsiyalar yo‘nalishidagi vazirliklar rahbarlari, ShHTga a’zo davlatlar universitetlari rektorlari, ShHT Kotibiyati, BMT hamda Butunjahon muhandislik tashkilotlari federatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ShHT Kotibiyati vakillari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Butunjahon muhandislik tashkilotlari federatsiyasi mutaxassislari ishtirok etdi. Festival turli mamlakatlardan qariyb 14 ming nafar yosh dasturchi, muhandis va iqtidorli talabalarni birlashtirib, ilmiy-innovatsion muloqot uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Festival dasturi muhandislikning eng dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlarini qamrab oldi. Xususan, aviatsiya, agrotexnologiyalar, mashinasozlik, robototexnika, “yashil” energetika, arxitektura, tibbiyot muhandisligi kabi jami 9 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha ko‘rgazmalar, fan olimpiadalari, startap tanlovlari va amaliy seminarlar tashkil etildi. Ushbu platformalarda yoshlarning ilg‘or g‘oyalari, innovatsion yechimlari va texnologik ishlanmalari namoyish etilib, ularning amaliy ahamiyati hamda tijoratlashuv salohiyati keng muhokama qilindi.
Festivalning ko‘rgazma qismi alohida e’tiborga molik bo‘lib, unda muhandislik sohasiga oid 19 ta xorijiy hamda 140 dan ortiq mahalliy innovatsion loyihalar taqdim etildi. Namoyish etilgan ishlanmalar zamonaviy raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt elementlari, energiya tejamkor yechimlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslangani bilan ajralib turdi. Ushbu loyihalar sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi bilan mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Alohida qayd etish joizki, festival jarayonlarida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari ham faol ishtirok etib, o‘zlarining innovatsion texnik ishlanmalari bilan munosib qatnashdi. Bu esa mamlakatimizda harbiy ta’lim tizimida ham zamonaviy muhandislik tafakkuri va texnologik yondashuvlar izchil rivojlanayotganini yaqqol namoyon etdi.
Tanlov va olimpiadalar yakuniga ko‘ra, eng yaxshi natijalarni qayd etgan ishtirokchilar saralab olinib, ular pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Festival yakunida muhandislik sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus ilgari surildi. Xususan, “Kelajak muhandislari” xalqaro ilmiy konsorsiumi tashkil etilgani e’lon qilindi. Mazkur konsorsium doirasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, tajriba almashish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.









