Kadr organlari ofitserlarining malakasi yangi yondashuvlar asosida oshirildi
2026-05-01 16:20:00 / Yangiliklar

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda soha faoliyatini tartibga soluvchi rahbariy hujjatlar talablariga muvofiq joriy yilning 20-aprelidan 2-mayiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida kadr organlari ofitserlari uchun malaka oshirish (qayta tayyorlash) kurslari tashkil etildi.
Mazkur o‘quv kursining asosiy maqsadi — kadr organlari xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda personal bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, tinglovchilarning tahliliy va ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, yangi normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini chuqur o‘zlashtirishlariga shart-sharoit yaratish ko‘zda tutildi.
11 ta moduldan iborat o‘quv dasturi asosida professor-o‘qituvchilar hamda sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilarga dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyat, zamonaviy xavfsizlik tahdidlari, harbiy jamoalarda psixologik muhitni boshqarish, harbiy xizmatni tashkil etishning me’yoriy asoslari, mehnat qonunchiligi talablari, kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda sohani raqamlashtirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan keng qamrovli bilimlar berildi.
Alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda inson resurslarini boshqarish tizimiga ilg‘or axborot texnologiyalari, elektron platformalar va sun’iy intellekt imkoniyatlari keng joriy etilmoqda. Shu munosabat bilan kurs doirasida tinglovchilarga zamonaviy dasturiy vositalar bilan ishlash, ma’lumotlar bazasini yuritish va tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, ilk bor Mudofaa vazirligi tizimida ofitserlar faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi joriy etilgani alohida e’tirof etildi.
Kurs jarayonida ishtirokchilarga xorijiy tillarni o‘rganish, axborot texnologiyalarini chuqur egallash, milliy va xorijiy adabiyotlarni mutolaa qilish orqali dunyoqarashni kengaytirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash maqsadida psixologik (IQ) testlar, jismoniy tayyorgarlik hamda kasbiy nazorat sinovlari o‘tkazildi.
Malaka oshirish kursi yakunida o‘tkazilgan tantanali bitiruv tadbirida tinglovchilarga Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi rahbariyati tomonidan sertifikatlar topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









