Jizzaxlik yoshlar bilim, shijoat va matonatini namoyish etdi
2026-05-01 12:35:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli tadbir Jizzax garnizoni boshlig‘i tashabbusi bilan harbiy qism hududida tashkil etilib, unda harbiy prokuratura, ichki ishlar organlari, xalq ta’limi tizimi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, faxriylar kengashi hamda Jizzax shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘tarinki ruh va keskin raqobat muhitida o‘tgan musobaqada ishtirokchilar o‘z mahoratlarini bir qator murakkab shartlar asosida namoyon etdi. Xususan, 100, 200 va 800 metr masofalarga yugurish bahslarida chaqqonlik va chidamlilik sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish jarayonida tezkorlik va aniqlik ustuvor ahamiyat kasb etdi. Press mashqlari ishtirokchilarning jismoniy chiniqqanligini namoyon etgan bo‘lsa, merganlik sinovlari va granata uloqtirish bahslarida ularning diqqat-e’tibori, iroda kuchi va harbiy tayyorgarlik darajasi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Musobaqa yakunida yuqori natijalarga erishgan hamda faol ishtirok etgan yoshlar tantanali ravishda taqdirlanib, ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati









