Shijoatli yuraklar bir maydonda to‘qnashdi
2026-05-01 12:35:00 / Yangiliklar

Musobaqa harbiylashtirilgan murakkab va sinovchan shartlar asosida tashkil etilib, unda ishtirokchilarning nafaqat jismoniy chiniqqanligi, balki intizomi, jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalari, keskin vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati ham puxta sinovdan o‘tkazildi. Har bir bellashuv yoshlarning iroda kuchi, matonati va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etuvchi maydonga aylandi.
Musobaqa davomida jamoalar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi: o‘g‘il bolalar o‘rtasida turnikda tortilish, qizlar o‘rtasida esa orqa bilan yotgan holatda tanani ko‘tarish — press mashqlari, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish, qizlar uchun 100 metrga, o‘g‘il bolalar uchun esa 1000 metrga yugurish, AK-74 avtomatini to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish hamda yig‘ish, shuningdek, kompyuterlashtirilgan panoramali o‘q otish majmuasida merganlar bellashuvi. Ushbu sinovlar orqali ishtirokchilar o‘zlarining chaqqonligi, chidamliligi, aniqligi va harbiy tayyorgarlik darajasini har tomonlama namoyon etdi.
Musobaqa doirasida alohida nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, “Turnikda tortilish”, “O‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish”, “Uzoq masofaga yugurish”, “Qisqa masofaga yugurish”, “AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish” hamda “Kompyuterlashtirilgan panoramali o‘q otish majmuasida merganlik” yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi natijalar qayd etildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, 3-o‘rin “Sadi Sheroziy” mahallasi yoshlari jamoasiga, 2-o‘rin “Mirzobidil” mahallasi yoshlari jamoasiga nasib etdi. Faxrli 1-o‘rinni esa “Guliston” mahallasi yoshlari jamoasi qo‘lga kiritib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Qolgan ishtirokchilar ham e’tibordan chetda qolmay, hamkor tashkilotlar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.






