Harbiy kollegiya yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-04-30 18:20:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, global tahdidlar, axborot makonidagi turli xavf-xatarlar va jinoyatchilikning yangi koʻrinishlari paydo boʻlayotgan bir sharoitda harbiy tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi yaqin hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa nafaqat xizmat samaradorligini oshirish, balki shaxsiy tarkib oʻrtasida huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, ularni turli salbiy illatlardan asrashda ham muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov raisligida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda vazirlik qoʻshinlari shaxsiy tarkibi oʻrtasida harbiy intizomni mustahkamlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha videokonferensaloqa shaklida harbiy kollegiya yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan masʼul rahbarlar tomonidan harbiy xizmatchilar oʻrtasida intizomni mustahkamlash, xizmat burchiga sadoqat bilan yondashish, qonunbuzarliklarning oldini olish masalalari atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning sabablari va oqibatlari misollar asosida koʻrib chiqilib, bunday holatlarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi ustuvor yoʻnalishlar, profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, ayniqsa yosh harbiy xizmatchilar bilan manzilli ishlash muhimligi taʼkidlandi. Har bir xizmatchida yuksak huquqiy madaniyatni shakllantirish, ularning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratish orqali jinoyatchilikning oldini olish mumkinligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar tizimida energetika tejamkorligini taʼminlash, byudjet mablagʻlaridan oqilona va samarali foydalanish borasidagi amaliy ishlar yigʻilish qatnashchilarining diqqat markazida boʻldi. Bu boradagi ilgʻor tajriba va yechimlar faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Kengash ishtirokchilari tomonidan mavjud muammolarning yechimiga doir aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.








