Sariosiyoda “Burch, jasorat, matonat” shiori ostida ibratli uchrashuv o‘tkazildi
2026-04-30 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi hamda Sariosiyo tumanidagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari hamkorlikda “Yoqutli bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida mardonavor mehnat qilgan, bugun esa asrni qarshilagan 101 yoshli Yorov O‘rinbadal otaxon holidan xabar olindi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida nuroniy otaxon o‘zining hayot yo‘li, urush yillarining mashaqqatli sinovlari, front ortidagi zahmatli mehnat hamda xalqimizning bukilmas irodasi va matonati haqida chuqur hayajon bilan so‘zlab berdi. Uning har bir xotirasi — tarix, har bir so‘zi esa yoshlar uchun bebaho saboq bo‘ldi.
Otaxon alohida ta’kidlaganidek, bugungi tinch va osoyishta hayot — ajdodlarimizning mislsiz jasorati va fidokorona mehnati evaziga qo‘lga kiritilgan ulug‘ ne’matdir. Shu bois yoshlar tinchlikning qadriga yetib, Vatanni sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash va ota-bobolar merosiga munosib bo‘lib yashashlari zarurligini chuqur ishonch bilan uqtirdi.
Shuningdek, Yorov O‘rinbadal bobo bugungi kunda davlatimiz tomonidan keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni alohida e’tirof etib, bunday ehtirom va yo‘qlovlar inson qalbini iliqlikka to‘ldirishini ta’kidlab, samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Tadbir yakunida otaxonga hurmat ramzi sifatida esdalik sovg‘alari topshirilib, uning duolari olindi.




