Xotira muqaddas — qahramonlar abadiy
2026-04-30 16:40:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi Iminjon ota yosh umrining sakkiz yilini urush maydonlarida oʻtkazgan. U 113-alohida oʻqchi brigada tarkibida boʻlinma komandiri sifatida 1941–1942-yillarda Kuban hududidagi janglarda qatnashgan. Keyinchalik Janubiy Saxalin va Kuril orollaridagi harbiy harakatlarda ham faol ishtirok etgan. Tinchlik davrida esa u oʻz hayotini taʻlim sohasiga bagʻishlab, uzoq yillar davomida yosh avlodni bilimli, tarbiyali va Vatanga sadoqat ruhida voyaga yetkazdi.
Harbiy xizmatchilar otaxon bilan samimiy suhbat qurib, uning duolarini oldilar. Otaxon esa yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik va yoshlarimizga mustahkam iroda tiladi.
Shuningdek, Namangan garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari ham 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Yangiqoʻrgʻon tumani Poromon mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi, 105 yoshni qarshilagan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Muhammadibrohim ota Inomov xonadonida bo‘ldi.
Faxriy otaxon holidan xabar olish davomida, samimiy suhbat o‘tkazilib, uning salomatligi tekshiruvdan o‘tkazildi.
Maʻlumotlarga koʻra, Muhammadibrohim ota Inomovning urush yoʻli 1941-yil dekabr oyida Chortoqdan boshlangan. U oʻsha davrda shakllanayotgan oʻzbek otliq askarlar diviziyasi safida xizmatni boshlagan. Endigina 19 yoshida frontga yoʻl olgan yigit Stalingrad, Qrim, Ukraina va Polsha hududlaridagi shiddatli janglarda qatnashib, Vatan ozodligi yoʻlida munosib hissa qoʻshgan.
Bugun ana shunday fidoyi insonlar eʻzozlanib, ularning hayot yoʻli yoshlar uchun chinakam ibrat maktabiga aylanmoqda. Bunday uchrashuvlar yosh harbiylar qalbida milliy gʻurur, tarixiy xotiraga hurmat va Vatanga muhabbat tuygʻularini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati




