Askarlar bilan ochiq muloqot
2026-04-30 14:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan mutasaddilar bugungi kunda milliy armiyada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar hamda xalqaro harbiy musobaqalarda harbiy xizmatchilarimiz erishayotgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda harbiy sohada olib borilayotgan yangilanishlar nafaqat armiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, balki shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan davra suhbatida muddatli harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, qo‘shinlar qo‘mondonining boy hayotiy va kasbiy tajribasiga asoslangan, atroflicha va asosli javoblar oldi.
Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularni kasbga yo‘naltirish hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tegishli qarorlarining mazmun-mohiyati keng yoritildi. Xususan, kitobxonlik tanlovlarini o‘tkazish tartibi, ularning bosqichlari, ishtirokchilarning tarkibiy tuzilmasi haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati




