Yoshlar qalbida Vatan tuyg‘usini uyg‘otgan sayohat
2026-04-30 08:50:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirning asosiy g‘oyasi – yoshlarning qalbi va ongiga ona Vatanni sevish, uni ardoqlash hamda himoya qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini chuqur singdirishdan iborat bo‘ldi. Festival davomida so‘zga chiqqan harbiylar va mutaxassislar milliy armiyamizning bugungi salohiyati, uning jangovar qudrati, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar hamda tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berdilar.
Tadbir dasturi rang-barang va mazmunli chiqishlarga boy bo‘ldi. Jumladan, zamonaviy qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi, harbiy orkestrning jo‘shqin sadolari, qo‘l jangi bo‘yicha sahnalashtirilgan chiqishlar, faxriy qorovulning tantanavor namoyishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, panoramali o‘q otish xonasida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Mazkur festival nafaqat ko‘ngilochar, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, harbiy kasbga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati








