Sport yutuqlari va xizmat mas’uliyati aks etgan uchrashuv
2026-04-29 17:05:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari — boks bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, ikki karra Osiyo hamda jahon chempionatlari sovrindori, kapitan Bektemir Meliqo‘ziyev hamda taekvondo WT yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, Universiada g‘olibi, jahon chempioni va Osiyo o‘yinlari sovrindori, katta leytenant Dmitriy Shokin ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar o‘zlarining sportdagi faoliyat yo‘li, erishgan yutuqlari, shuningdek, harbiy xizmat va professional sportni uyg‘un olib borish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular sport va jismoniy tarbiyaning inson hayotidagi o‘rni, intizom, matonat hamda irodani shakllantirishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr bildirishdi.
Ochiq va samimiy ruhda o'tkan uchrashuvda talabalar sportchilar bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘ldi.
Bunday uchrashuvlar yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda kelgusidagi xizmat faoliyati uchun muhim bo‘lgan shaxsiy fazilatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.





