Harbiy xizmatchilar muammolari joyida o‘rganildi
2026-04-29 16:20:00 / Yangiliklar

Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismda o‘tkazilgan mazkur tadbirda qo‘mondonlik rahbariyati, Chirchiq harbiy prokuraturasi vakillari, tuman hokimligi hamda qator davlat va nodavlat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida so‘zga chiqqan mas’ullar ushbu tadbirlarning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari farovonligini ta’minlash, mavjud ijtimoiy muammolarni bevosita joyida o‘rganish va tezkor hal etish, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda amaliy ko‘mak berishdan iborat ekanini alohida ta’kidladi.
Qabul jarayonida harbiy xizmatchilar tomonidan ijtimoiy himoya, uy-joy bilan ta’minlash, ishga joylashish, tibbiy xizmat va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat sinchkovlik bilan tinglanib, mas’ul tashkilotlar tomonidan ularni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar tegishli tartibda nazoratga olindi.
Tadbir davomida, shuningdek, mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ilgari surilayotgan takliflar ham muhokama markazida bo‘ldi. Bu kabi ochiq muloqotlar harbiy xizmatchilar va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati









