Bishkekda SHHT mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-04-28 15:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuhamedov Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun Qirg‘iz Repsublikasining Bishkek shahriga bordi.
Yig‘ilish avvalida delegatsiyalar "Abadiy olov" yodgorligiga gulchambar qo‘yish marosimida ishtirok etib, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Keyingi bosqichda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov SHHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazib, tashkilot doirasida harbiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish amaliyotini kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuhamedov hamda Qirg‘iz Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Ruslan Mukambetov o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, ofitserlar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni kuchaytirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Bu esa SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirishga zamin yaratadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti




